Daryo.uz | Rasmiy kanal
Andijonda 1579 nafar o‘quvchi maktabni oltin va kumush medal bilan tamomladi
Andijon viloyatida 1579 nafar maktab o‘quvchisi 2019/2020-o‘quv yilini oltin va kumush medal bilan tamomladi. Natijada viloyat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga tayanib “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovning ma’lum qilishicha, o‘tgan o‘quv yilida viloyatda 40 298 nafar yigit-qiz 11-sinfni tamomlagan bo‘lsa, ularning 936 nafari oltin, 643 nafari esa kumush medalga loyiq ko‘rilgan.
“Joriy yilning 25—29-fevral kunlari Andijon viloyati hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi hamda Sharda universiteti hamkorligida o‘quvchi yoshlarning bilimlarini xalqaro talablar doirasida sinovdan o‘tkazish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha fan olimpiadasi o‘tkazilgan. Unda viloyatdagi umumta’lim maktablarining 9—11-sinf bitiruvchilaridan 12 nafari 2—3 o‘rinlarni egallab, Sharda universitetida ta’lim olish uchun imtiyozni qo‘lga kiritgan. Yana olti nafari esa yuqori ball to‘plab universitetga grant asosida o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan”, — deydi Azizbek Mirkomilov.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulhayo Omonovaning aytishicha, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirishga bo‘lgan qiziqishini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada bitiruvchilarning 27 ming nafardan ziyodi kelgusida OTMlarda o‘qish istagini bildirgan.
Qo‘shimcha qilishicha, 2018/2019-o‘quv yilida viloyatda 1392 nafar yigit-qiz oltin va kumush medalni qo‘lga kiritgan.
“Daryo” muxbirining aniqlik kiritishicha, joriy o‘quv yilida respublika bo‘yicha 6901 nafar o‘quvchiga kumush va oltin medal berilgan bo‘lib, shundan 2219 tasi kumush, 4682 tasi oltin medal hisoblanadi.