Daryo.uz | Rasmiy kanal

O‘zbekistondagi 4 ta aeroportni davlat-xususiy sheriklikka, Uzbekistan Airways’ni xorijiy kompaniya boshqaruviga berish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may, dushanba kuni transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash va izchil rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-25_19-52-55-680x458.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda yangicha sharoit va talablar asosida transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Mavzuga doir: Koronavirus sababli O‘zbekistonning transport kompaniyalari qancha zarar ko‘rgani ma’lum qilindi

Transport vazirligiga Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlarini pandemiya ta’siridan olib chiqish bo‘yicha biznes model ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yevropa—Xitoy yo‘nalishida yuk tashish bozoriga kirish orqali qo‘shimcha daromad olish, joriy va investitsiyaviy xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Raqobatni kuchaytirish uchun fuqaro aviatsiyasi bozoriga yangi tashuvchilarni jalb qilish, Uzbekistan Airways’ni nufuzli xorijiy kompaniya boshqaruviga berish masalasi ko‘rib chiqildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-25_19-53-10-680x453.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

Aeroportlarni modernizatsiya qilish, Andijon, Buxoro, Urganch va Qarshi xalqaro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliay aviakompaniyasi qayta tashkil etilishi natijasida uning o‘rniga uchta aholida kompaniya — Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports va Uzbekistan Helicopters tashkil qilingan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda yana beshta yangi aviakompaniya, xususan, Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 2019-yil 1-oktabrdan boshlab, Qarshi, Nukus, Buxoro va Termiz xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan.