Daryo.uz | Rasmiy kanal

O‘zbekistondagi bino va inshootlarda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistondagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obyektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari keng joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasining “Respublikadagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obyektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/%D1%8D%D0%BB%D0%B5%D0%BA%D1%82%D1%80-%D1%87%D0%B8%D1%80%D0%BE%D2%9B-%D1%81%D0%B2%D0%B5%D1%82-680x451.jpg
Foto: “Daryo”

Loyihaga ko‘ra, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan 2020-yilda vazirlik va idoralarning 691 ta bino va inshootida fotoelektr stansiyalar va kollektorlar qurilishi, energiya samarador deraza bloklarini, svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar o‘rnatish bo‘yicha dasturiy ro‘yxatlar tasdiqlanib amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq, Qurilish vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2021-yil uchun (keyinchalik muntazam ravishda kelgusi yillar uchun) “Ijtimoiy soha obyektlarida hamda shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish manzilli dasturi”ni 2020-yilning 1-dekabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Shuningdek, shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda hamda ijtimoiy soha obyektlarini loyihalashtirish va qurilishida zamonaviy qurilish materiallari va energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etilishini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan barcha turdagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha, turar joy obyektlarini energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilganligini inobatga olib ekspluatatsiyaga qabul qilish tizimini 2021-yil 1-yanvargacha ishlab chiqish belgilangan.

Barcha turdagi yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan bino va inshootlarni ekspluatatsiyaga qabul qilinishida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilganligi yuzasidan “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish va xulosa berish tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Ijtimoiy soha obyektlarida hamda shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish manzilli dasturi”ni moliyalashtirishda xalqaro moliya institutlarining beg‘araz mablag‘larining jalb etilishini ta’minlaydi.

“O‘zeltexsanoat” va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmalari uch oy muddatda energiya tejovchi texnologiyalar, qurilish materiallari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralarini ko‘radi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda 1 kvadrat metr maydonni isitish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 230 kVt/s ko‘p energiya ishlatiladi. Prezident bu isrofgarchilikni tanqid qildi