Daryo.uz | Rasmiy kanal
Koronavirus sababli O‘zbekistonning transport kompaniyalari qancha zarar ko‘rgani ma’lum qilindi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may, dushanba kuni transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash va izchil rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi oqibatida butun dunyoda transport aloqalari deyarli to‘xtab qoldi. Sohadagi kompaniyalar bundan jiddiy zarar ko‘rmoqda. Masalan, birgina aviatsiya tarmog‘ida 2020-yil yakunigacha dunyo bo‘yicha 113 milliard dollar yo‘qotilishi taxmin qilinmoqda.
Mamlakat transport korxonalari karantin cheklovlari sababli hozirgacha 340 milliard so‘m zarar ko‘rgan. Epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha bu raqamlar yana oshishi aniq.
Shu bois sohada pandemiyaning ta’sirini yumshatish, korxonalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda. Karantindan eng ko‘p zarar ko‘radigan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlarining 122 million dollar kreditlari to‘lov muddatlari uzaytirildi, 60 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari taqdim etildi. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 50 million dollar miqdorida aylanma mablag‘ sifatida foizsiz ssudalar ajratildi.
Eslatib o‘tamiz, karantin sababli O‘zbekiston 30-martdan boshlab xorijiy mamalakatlar bilan doimiy aviaqatnovlarni to‘xtatgan, biroq Uzbekistan Airways xorijdagi o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha charter reyslarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, mamlakat hududlari o‘rtasidagi temiryo‘l qatnovi ham cheklangandi. Karantin choralarini yengillashtirish doirasida 18-maydan boshlab O‘zbekistonning bir qator shaharlariga avia va temiryo‘l qatnovlari qayta tiklandi.