Daryo.uz | Rasmiy kanal

Koronavirusdan qo‘rqmaydigan Vyetnam. Mamlakatda futbol mavsumi qayta boshlandi, stadionlarga muxlislar bemalol kirishi mumkin (foto)

Vyetnamda koronavirus pandemiyasi sabab to‘xtab qolgan futbol mavsumi qayta boshlandi.

Tanaffusdan keyingi ilk o‘yin “Nam Din” va “Xoangan Zyalay” jamoalari o‘rtasida kechdi. Jamoalar mamlakat Kubogi 1/16 finali doirasida o‘zaro bahs yuritdi. Unda mezbonlar 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.

E’tiborlisi, Vyetnam mavsumni to‘laqonli qayta boshladi, ya’ni, o‘yinlarga tomoshabinlar tashrifi cheklanmadi. Butun dunyoda koronavirusdan keyin qayta tiklangan barcha futbol ligalari tomoshabinlarsiz o‘tmoqda.

Mamlakat milliy birinchiligi mart oyida 2-turdan so‘ng to‘xtab qolgandi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/EYtH34WXYAE9Gdj-680x432.jpg
Foto: Twitter/@FootyVietnam
https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/EYtH5vnXgAA6Y3o-680x421.jpg
Foto: Twitter/@FootyVietnam
https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/EYtH5DYX0AIE4Jo-680x421.jpg
Foto: Twitter/@FootyVietnam

Yevropaning yetakchi chempionatlaridan hozircha faqat Germaniya Bundesligasi start oldi. La Liga bahslari ham iyun oyining birinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda. Mart oyida to‘xtab qolgan O‘zbekiston chempionati taqdiri esa hamon noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Vyetnamda koronavirusga chalinganlar soni 326 tani tashkil etadi. Ularning 272 nafari sog‘aygan, o‘lim holati qayd etilmagan.