Daryo.uz | Rasmiy kanal
Surxondaryoda Damas’ga 14 yo‘lovchi olgan haydovchi jarimaga tortildi (video)
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida Damas haydovchisi mashina saloniga 14 yo‘lovchi olib harakatlangani aniqlandi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.
Surxondaryo viloyati IIB YHXB katta inspektori A.Choriyev 23-may kuni “Tolli” mahallasi hududida harakatlanib kelayotgan Damas’ni to‘xtatib tekshirganida, avtomobil salonida o‘rindiqlar sonidan ko‘p miqdorda yo‘lovchilar borligi aniqlangan.
Inspektor tomonidan olingan va YHXBB tomonidan e’lon qilingan videoda inspektor Damas salonidan tushib kelayotgan 14 yo‘lovchini birma-bir hisoblaydi. Yo‘lovchilarning aksariyati ayollar.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Yo‘l harakati qoidalarining 159-bandiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasiga binoan agar haydovchi ushbu qoidabuzarlikni ilk bor sodir etayotgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Bu 23-may holatiga ko‘ra, 111 500 so‘mga teng. Agar haydovchi ilgari ham ushbu turdagi qoidabuzarlikni sodir etgan bo‘lsa BHMning bir baravaridan to‘rt baravarigacha jarimaga tortilishi va transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oyga mahrum etilishi mumkin.
“Karantin vaqtida bu kabi qo‘pol qoidabuzarlik sodir etib yurgan haydovchi bilan tushuntirish ishlari olib borilgan”, — deyiladi YHXBB xabarida.