Daryo.uz | Rasmiy kanal
“Klopp, balki uni vanihoyat “Liverpul”ga olib ketarsan?”. “Mayns” Yurgen Kloppga “iltimos” bilan murojaat qildi
“Mayns” klubi matbuot xizmati Bundesliga 27-turida “Leypsig”ga qarshi kechgan o‘yindagi (0:5) mag‘lubiyatga munosabat bildirdi.
Timo Verner Mayns shahri klubiga qarshi o‘yinda uchta gol urdi. Mazkur jamoalarning birinchi davradagi to‘qnashuvida (0:8) ham Verner het-trik muallifiga aylangandi.
Uchrashuvdan so‘ng jamoa matbuot xizmati “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Kloppga murojaat qildi.
“Mayns” bir mavsumda ikki bor het-trik qayd etgan Vernerni yomon ko‘rishi kerakligi haqidagi tvitga klub rasmiy Twitter akkaunti quyidagicha javob bergan: “Klopp, balki uni vanihoyat “Liverpul”ga olib ketarsan?”.
Avvalroq “Liverpul” Verner xizmatlariga qiziqish bildirayotgani xabar qilingandi. Klopp esa faoliyatining avvalida “Mayns”da ishlagan. Nemis mutaxassisi 2001—2008-yillar davomida jamoa bosh murabbiyi bo‘lgan.