Daryo.uz | Rasmiy kanal

Toshkentda “propiska”si yo‘qlar ham uy oldi-sotdisini notarial tasdiqlatishi mumkin bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 2020-yil 22-may kuni o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/Propiska-haqida-rasm-680x455.jpg
Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha. Prezident tomonidan imzolangan “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5984-son farmoni bilan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bo‘yicha qator yangi tartibotlar belgilangan edi. Shunga ko‘ra, hukumatning propiska qilish tartibiga oid qaroriga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Qarorga ko‘ra, propiska qilish tartibiga oid amaldagi nizom 2020-yil 1-sentabrga qadar amal qiladi. Nizomning 66 va 67-bandlari mazkur qaror e’lon qilingan kun, ya’ni 2020-yil 22-may kunidan o‘z kuchini yo‘qotadi.

Ma’lumot uchun, nizomning 66 va 67-bandlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkda oldi-sotdi bitimlarini notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lish majburiyati belgilangan.

Hukumatning mazkur qarori bilan O‘zbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Yangi nizom 2020-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi.

Nizomga ko‘ra, fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran 15 kun ichida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (MvaFRB), Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishi shart. Hozirgi kunda mazkur muddat 10 kunni tashkil qiladi.

DXMlar va YaIDXP orqali ro‘yxatning 1, 6 va 7-bandlariga mansub fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Ma’lumot uchun, ro‘yxatning 1-bandiga qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiradi. Ular xususiy mulk qilib olingan uy-joyga doimiy ro‘yxatga qo‘yiladi.

6-bandga Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar kiradi. Ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda doimiy ro‘yxatga qo‘yiladi.

7-bandga Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar kiradi. Ular Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda doimiy ro‘yxatga qo‘yiladi.

Doimiy ro‘yxatga olish uchun ariza beruvchi MvaFRBga murojaat qiladi va belgilangan hujjatlarni taqdim etadi. Fuqaro haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda tegishli ma’lumotlar bazalaridan tekshiriladi.

Murojaat qilingan kunning o‘zida fuqaroning pasportiga avvalgi doimiy ro‘yxatini bekor qilinganligi to‘g‘risida shtamp bosiladi va fuqaroning xohishiga ko‘ra doimiy ro‘yxatga olinganligi haqida QR-kod bilan himoyalangan qayd varag‘i taqdim etiladi. Ya’ni ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish uchun 1 kun talab etiladi. Hozirda bu muddat 3 kunni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 21-aprelda Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiska qilishni soddalashtirish haqidagi farmonni imzolagan. 29-aprelda esa Qonunchilik palatasi deputatlari propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan, 12-may kuni senatorlar propiska tizimiga kiritiladigan o‘zgarishlarni ma’qullagan. Shavkat Mirziyoyev mazkur qonunni 13-may kuni imzoladi.

Shuningdek, Prezident tomonidan 20-mayda imzolangan “‘Davlat boji to‘g‘risida’gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mulk sotib olinganda mol-mulkning oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun shartnoma summasining 5 foizi miqdordagi davlat bojining alohida stavkasi bekor qilindi.