Daryo.uz | Rasmiy kanal
57 yoshli Holifild ringga qaytish uchun mashg‘ulotlarni boshladi. Unga Vladimir Klichko yordam bermoqda (video)
Boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida sobiq chempion Evander Holifild ringga qaytishini aks ettiruvchi videorolikni e’lon qildi.
“Holifild jamoasi jangga hozirlik ko‘rmoqda”, — deyiladi video ostida berilgan sharhda.
Ukrainalik sobiq Jahon chempioni Vladimir Klichko, shuningdek, murabbiylar Antonio Traver va Entoni Rouds boksga qaytayotgan Holifildning tayyorgarlik jarayonlariga yordam bermoqda.
Sobiq Jahon chempioni avvalroq ringga qaytishini ma’lum qilgan Mayk Taysonga qarshi jang o‘tkazishi taxmin qilinmoqda. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda afsonaviy bokschilar o‘rtasidagi uchinchi jang anonsi e’lon qilingandi, biroq bu rasman tasdiqlanmagan.
1990-yillarda Tayson va Holifild o‘rtasida ikkita jang o‘tkazilgan. 1996-yilda Holifild texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongan bo‘lsa, bir yildan keyingi to‘qnashuvda Mayk raqibining qulog‘ini tishlab oladi va diskvalifikatsiya qilinadi.
Mavzuga doir: 57 yoshli Evander Holifild: Mayk Taysonga qarshi jang qilishni xohlayman