Daryo.uz | Rasmiy kanal

Konor Makgregor tarixdagi eng yaxshi yakkakurashchilar reytingini tuzdi. Undan Habib joy olmadi

Ikki xil vazn toifasida UFC sobiq chempioni Konor Makgregor tarixdagi eng yaxshi yakkakurashchilar reytingini tuzib chiqdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2016/11/@UFCEurope1-680x458.jpg
Foto: Twitter/@UFCEurope

Unda irlandiyalik jangchi o‘zini ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rgan, ro‘yxatda yengil vazn toifasi amaldagi chempioni Habib Nurmagomedovga joy topilmagan.

“Ikki vazn toifasidagi ko‘plab muddatidan avval qo‘lga kiritilgan g‘alabalar, chempionlik unvoni — Anderson Silva tarixdagi eng yaxshi yakkakurashchilar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallaydi. Uchta diviziondagi g‘alabalar, ikkita diviziondagi chempionlik meni tarixdagi ikkinchi eng yaxshi jangchiga aylantiradi. Balki men Silva bilan bir xil saviyadadirman. Nima bo‘lmasin, faoliyatimni davom ettiryapman va osonlikcha birinchi o‘ringa ko‘tarilishim mumkin.

Jorj Sen-Pyer — uchinchi o‘rinda. Muddatidan avval qo‘lga kiritilgan g‘alabalari kam, biroq u ikki vazn toifasi chempioni. U ancha orqada. Og‘ir janglar va bahsli qaror tufayli yarim og‘ir vazn toifasidan ketgandi. Bir ko‘zli raqibga qarshi oktagonga chiqqan. Qiyinchiliklardan qochgan.

Jon Jons — to‘rtinchi pog‘ona. Ko‘plab nokautlar va u hali ham faoliyatida davom etmoqda. Biroq bitta vazn toifasi chempioni. Bundan tashqari tushunib bo‘lmas va bahsli qarorlar evaziga g‘alaba qozongan janglari bor.

Doping mojarolarini hisobga olmadim, aks holda bu menga shubhasiz birinchi o‘rinni taqdim etardi.

Nima bo‘lmasin Silvaning birinchi o‘rindaligi aniq. U turli xil yakunlar evaziga muddatidan avval g‘alabaga erishgan. Front-kik, tirsaklar, yoriqlar bilan tugagan tizza zarbalari va chag‘ga berilgan aniq zarba ortidan qo‘lga kiritilgan g‘alabalar. Mening va Silvaning g‘alabalari tarixdagi eng tomoshabob hisoblanadi. Men endiga qizib olyapman”, — deya yozadi Makgregor.

Makgregor so‘nggi jangini yanvar oyida o‘tkazgandi. UFC 246 musobaqasida Konor Donald Serroneni 40 soniya ichida nokautga uchratgan.