Daryo.uz | Rasmiy kanal
Yaponiya koronavirus oqibatlariga qarshi kurashish uchun yana 929 mlrd dollar ajratishi mumkin
Yaponiya hukumati joriy yilda koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun 100 trillion iyenadan (929,45 milliard dollar) ortiq ikkinchi qo‘shimcha budjetni shakllantirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi Nikkei.
Pandemiyadan aziyat chekkan firmalar uchun past foizli kreditlar berish sxemalarini kengaytirish uchun budjetdan 60 trillion iyen va boshqa moliyaviy yordam dasturlari uchun 27 trillion iyena ajratiladi. Taxminlarga ko‘ra, hukumat mazkur budjetni Vazirlar mahkamasining 27-may kuni o‘tkaziladigan yig‘ilishida tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya 25-maydan boshlab favqulodda holat rejimini bekor qildi. Mamlakatda 16 mingga yaqin odam koronavirusga chalingan, 808 kishi virus qurboniga aylangan. Sindzo Abe hukumati tomonidan tasdiqlangan inqirozga qarshi choralarning birinchi paketi 1,09 trillion dollarga baholangandi.
O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev aprel oyining boshida koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi, iqtisodiyot va tadbirkor subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator yengilliklar berildi. 24-aprel kuni esa Prezident pandemiya sharoitida aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi farmonni imzolagandi. 13-may kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni ma’lum qilgandi.