Daryo.uz | Rasmiy kanal

Sardobadagi falokatdan zarar ko‘rgan Qozog‘istondagi ekin maydonlariga ishlov berish uchun O‘zbekistondan maxsus texnikalar yuborildi

Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida Sirdaryo viloyatiga chegaradosh bo‘lgan qo‘shni Qozog‘istonning Turkiston viloyati, Maqtaaral tumani qishloqlariga ham talafot yetgandi. Sirdaryo tumani hokimligi xabariga ko‘ra, Maqtaaral tumaniga maxsus texnikalar yuborildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/texnikalar-1.jpg
Foto: Sirdaryo tumani hokimligi

Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan ushbu texogen ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan bir guruh mataxassislar va maxsus texnikalar yuborilgan edi.

“24-may kuni esa Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan qo‘shni davlatning Maqtaaral tumaniga ‘Baxt yuksalishda’ hamda Poly Tex  klasterlariga qarashli 20 ga yaqin zamonaviy, yuqori unumli New HollandT 6070 hamda TD5, Djon Dir maxsus texnikalar dastlab dezinfeksiya qilinib, agregatlari bilan yuborildi”, — deyiladi hokimlik xabarida.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/texnikalar-2.png
Foto: Sirdaryo tumani hokimligi

Qayd etilishicha, bu texnikalar orqali toshqin oqibatida zarar ko‘rgan ekin yer maydonlariga ishlov beriladi hamda talafot oqibatlarini tugatishni sezilarli darajada tezlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv omboridagi suv toshqini oqibatida Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumani hududida texnogen xususiyatga ega favqulodda holat e’lon qilingandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, toshqin natijasida viloyat hududida 30 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Mazkur favqulodda holatni muhokama qilish uchun Qozog‘iston rasmiylari O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston hukumati Sardoba suv omboridagi falokat sabab qo‘shni mamlakatda yuz bergan suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etishda qozog‘istonlik hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilishini bildirdi.

Mavzuga doir: Abdulla Aripov Qozog‘istonda toshqindan jabrlanganlarga quriladigan uylarga poydevor qo‘yishda ishtirok etdi