Daryo.uz | Rasmiy kanal

Moskvadagi hayvonot bog‘ida “Gitlerning shaxsiy alligatori” — Saturn vafot etdi

Moskva hayvonot bog‘ida Missisipi alligator Saturn vafot etdi, deb yozadi Esquire.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-25_14-29-25.jpg
Foto: Moskva hayvonot bog‘i

“Bizning Missisipi alligatorimiz Saturn keksalikdan vafot etdi. Uning yoshi 84 da edi. Yovvoyi tabiatda bunday jonivorlar 30-50 yil umr ko‘radi. Saturn uzoq va voqeliklarga boy hayotni boshdan kechirdi”, — deyiladi xabarda.

Saturn 1936-yilda AQShda dunyoga kelgan hamda uni shu zahotiyoq Berlin hayvonot bog‘iga topshirishgan.

1943-yildagi portlashlar chog‘ida alligator hayvonot bog‘idan qochib ketgan.

“Alligator keyingi uch yilni qayerda o‘tkazgani noma’lum. Uni 1946-yilda britaniyalik askarlar topib olgan hamda SSSRga bergan”, — deyiladi xabarda.

Yana bir taxminga ko‘ra, alligator uch qishni shahar ko‘chalarida o‘tkazgan. Biroq mutaxassislar alligatorlar shahar sharoitida uzoq vaqt yashay olmasligini aytgan.

Alligator Moskvaga olib kelinganida odamlar orasida turli gap-so‘zlar tarqalgan. Odamlar uning hayvonot bog‘ida emas, balki Gitlerning shaxsiy kolleksiyasida bo‘lganini gapirgan va unga “Gitlerning shaxsiy alligatori” yoki oddiygina “Gitler” deya laqab qo‘yishgan.

Gitlerga aloqadorligi haqidagi gap-so‘zlar tufayli alligatorga bir necha marotaba hujum qilishgan, uni qalin oyna bilan o‘rab qo‘yishga to‘g‘ri kelgan.

“Biz faxriy alligatorga maksimal darajada yaxshi qarashga harakat qildik. U ovqatni tanlab yerdi, cho‘tka bilan massaj qilishimizni yaxshi ko‘rardi, unga nimadir yoqmasa po‘latdan yasalgan ovqat uzatgichni tishlardi”, — deb eslaydi hayvonot bog‘i xodimlari.

Saturn hayvonot bog‘ida 74 yil yashadi. U urush portlashlaridan tashqari boshqa qiyinchiliklarga ham uchragan. Uning urg‘ochisi Shipka tuxum qo‘yayotganida vafot etgan. Alligator uzoq vaqtgacha o‘ziga kela olmagam, u ovqatdan ham yuz o‘girgan. 80-yillarda akvarium tomidan beton plita tushib ketgan. Alligator mo‘jiza sabab bir chetga yashirinib olib, omon qolgan.

“Saturn biz uchun butun asr degani. U hayvonot bog‘iga g‘alabadan keyin kelib, biz bilan uning 75 yilligini nishonladi. Har birimiz uning yonida bo‘lib, ko‘ziga boqishimiz katta baxt edi. U ko‘pchiligimizni bolalik davrimizdan beri bilardi. Umid qilamizki, biz uni xafa qilmadik”, — deydi hayvonot bog‘i xodimlari.