Daryo.uz | Rasmiy kanal

“Liverpul” — “Atletiko” uchrashuvi 41 kishining o‘limiga sabab bo‘lgani ma’lum qilindi

Yevropa Chempionlar Ligasi 1/8 final javob bahsi doirasidagi “Liverpul” — “Atletiko” uchrashuvi ko‘plab odamlarning koronavirusdan vafot etishiga olib keldi, deya xabar qilmoqda The Sunday Times.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/gettyimages-1206596024-2048x2048-680x434.jpg
Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotlariga ko‘ra, mazkur o‘yinda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgan 41 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Koronavirusga chalinganlar uchrashuvdan 25—35 kun o‘tib vafot etgan.

Uchrashuv 11-mart kuni Liverpuldagi “Enfild” stadionida bo‘lib o‘tgan va 2:3 hisobida ispan klubining foydasiga hal bo‘lgandi. Bahsni 52 267 tomoshabin kuzatib borgan. O‘sha vaqtda Angliya va Ispaniyada karantin qoidalari joriy etilmagandi.

25-may holati bo‘yicha Buyuk Britaniya va Ispaniyada umumiy miqdorda 542 mingdan ziyod kishi koronavirus yuqtirib olgan. Qurbonlar soni 65,5 mingdan ortiq.