Daryo.uz | Rasmiy kanal

O‘zbekistonda yana 21 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Ular orasida chaqaloq ham bor

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 nafar, Samarqand viloyatida 17 nafar bemor, jami 21 nafar bemor butunlay sog‘ayib, 25-may kuni reabilitatsiyaga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Qoraqalpog‘istonda sog‘ayganlarning barchasi uzoq masofaga qatnovchi yuk avtomashinasi haydovchilari bo‘lib, Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga kelgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Hududlar kesimida olinsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning barchasi erkak bo‘lib, yoshi kattasi 36 yoshda, yoshi kichigi esa 23 yoshda.

Endilikda Qoraqalpog‘istonda tuzalganlar 122 nafarga yetdi, davolanayotganlar esa 9 nafarni tashkil etmoqda. Ya’ni Qoraqalpog‘iston koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga juda yaqin turibdi.

Samarqandda tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan (6 nafari Oqdaryo tumanidan, Samarqand shahri va Samarqand tumanidan 4 nafardan, Ishtixon, Payariq va Toyloq tumanlaridan 1 nafardan) bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ulardan 8 nafari erkak, 9 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 67 yoshda, yoshi kichigi esa 2020-yilda tug‘ilgan chaqaloq. Endilikda viloyatda sog‘ayganlar 247 nafar, davolanayotganlar 90 nafar tashkil etmoqda.

24-may kuni O‘zbekistonda 33 nafar bemor tuzalib, koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 2565 nafarga yetgandi. Endilikda ular soni 2586 nafarga yetdi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni esa 25-may soat 10:00 holatiga ko‘ra 16 kishiga ko‘payib, 3180 nafarni tashkil etmoqda.