Daryo.uz | Rasmiy kanal
Chikagodagi o‘zbeklar Ramazon hayitini qanday nishonladi? (foto)
2020-yilgi Ramazon hayiti bayrami karantin paytiga to‘g‘ri keldi. Barcha ommaviy odamlar to‘planadigan joylar, shu jumladan masjidlar ham yopilgan. Odamlarga tibbiy niqobda va o‘zaro masofa saqlagan holda yurish tavsiya etilgan.
“Sof.uz” Chikagodagi O‘zbek-Amerika assotsiatsiyasi prezidenti Olim Sharipovga tayanib karantin holatida bo‘lgan AQShning Illinoys shtati, Chikago shahridagi o‘zbeklar Ramazon hayitini qanday kutib olgani haqida fotojamlanma taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, har bir oila o‘zlarining mashinalarida alohida bo‘lib bir joyga to‘plangan va u yerdan mashinalar bezatilib, kolonna bo‘lib Chikagoning birinchi o‘zbek fuqarosi (1970-yildan), Chikago O‘zbek-Amerika assotsiatsiyasi asoschisi Sirojiddin hoji Nasafiyning hovlisi tomon yo‘l olgan. 77 yoshli Hoji ota bolajonlarga tashqaridan turib bayram sovg‘asi ulashgan.
Shundan keyin, mashinalar kolonnasi (20 tadan oshiq mashina) Chikago shahar markazi (Down Town) va Michigan ko‘li tomon yo‘l olgan. Olim Sharipovning ta’kidlashicha, bayram juda sermazmun, ayniqsa bolajonlar uchun esda qolarlik bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir Chikagodagi O‘zbek-Amerika assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirildi.
Mavzuga doir: Bo‘m-bo‘sh Makka, masjidda o‘qilgan Hayit namozi, koronavirusdan himoyalovchi bug‘li kabina. 24-may suratlari