Daryo.uz | Rasmiy kanal

“O‘zbekiston 24” telekanalini radioefirda tanqid qilgan ikki xodim “Sport” telekanalidan ketdi

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Sport” telekanali xodimlari — bosh rejissor Jamoliddin Bobojonov va 1-toifali muharrir Bobur Akmalov 22-may kuni o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan. Bu haqda ular “Daryo” internet-nashriga ma’lum qildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/infPeH15903331436717_b.jpg
“Futbol plyus” dasturi mualliflari (chapdan) — Xayrulla Hamidov, Jamoliddin Bobojonov va Bobur Akmalov.

“MTRK rahbari Alisher Xadjayevning munosabati e’lon qilinganidan so‘ng, u yerda hech qanaqasiga ishlashni davom ettirib bo‘lmasdi. Munosabat e’lon qilinganidan so‘ng, ishdan bo‘shash haqida qat’iy qarorga kelib bo‘lgandim”, — dedi Bobur Akmalov.

Bobur Akmalov ayni vaqtda “Oriat Dono” radiokanalida ham ishlardi — u radiodagi faoliyatini bundan keyin ham davom ettiradi. Jamoliddin Bobojonov esa mehnat faoliyatini internet-nashrlardan birida davom ettirishi kutilmoqda. Qayd etish joiz, Bobojonov “Sport” telekanalining tashkil etilishida qatnashgan tajribali xodimlardan biri edi.

Voqea tarixi

Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov, UzReport va Futbol TV telekanallari sharhlovchisi Xayrullo Hamidov bilan birga, har dushanba kuni “Oriat Dono” radiokanalida “Futbol plyus” mualliflik dasturini olib borar edi. Dasturning 18-may sonida ishtirokchilar “O‘zbekiston 24” telekanalida Sardoba falokatining yoritilishi va O‘zbekistonda karantin tartibi yumshatilishining o‘ziga xosliklari haqida qisqacha fikr bildirib o‘tgan.

“Bizda qog‘ozda va “O‘zbekiston 24” kanalida hamma narsa zo‘r, lekin hayot butunlay boshqa narsani ko‘rsatyapti... “O‘zbekiston 24” kanalini ko‘rib, sardobaliklar shu suv toshganidan ham xursand ekan, deb o‘ylab qoldim”, — degan Jamoliddin Bobojonov. “Menda ham shunaqa fikr tug‘ildi”, — deb Bobur Akmalov uning fikrini ma’qullab, uyini suv bosgan odamlarning bunday xushkayfiyatda ko‘rinishi g‘ayritabiiy ekanini ta’kidlagan. Aynan shu lavha 19—21-may kunlari ijtimoiy tarmoqlarda faol aylandi.

«Орият Доно» радиосидаги Футбол плюс дастурида Жамолиддин Бобожонов ва Бобур Акмалов «Ўзбекистон 24» телеканалини, унинг дастурларини танқид қилди.

«Қоғоз билан «Ўзбекистон 24» да ҳамма нарса зўр, лекин ҳаётда ҳаммаси бошқа нарсани кўрсатяпди. Сардобадаги уйи сувда қолган одамларни хурсандчилиги ҳақида. Сардобадаги уйи сувда қолган одамлар хурсанд».

@dvideo1

21-may kuni ushbu lavha yuzasidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rahbari Alisher Xadjayevning munosabati paydo bo‘ldi (“Gazeta.uz”ning yozishicha, u o‘z munosabatini dastlab Facebook’dagi sahifasida e’lon qilgan, so‘ng o‘chirib tashlagan). Xadjayev o‘z chiqishida Jamoliddin Bobojonov va Bobur Akmalovning ta’kidlarini “mutlaqo asossiz va noo‘rin tanqidiy fikrlar” deb atagan va ularning “Sport” telekanalida egallab turgan lavozimlariga loyiqligini shubha ostiga olgan edi.