Daryo.uz | Rasmiy kanal
Chexiyada jamoat joylarida niqobsiz yurishga ruxsat berildi
Chexiyada 25-maydan boshlab koronavirus tarqalishining oldini olish yo‘lida joriy etilgan bir qator cheklovlar yengillashtirilmoqda, deb xabar beradi “TASS”.
Mamlakat hukumatining ta’kidlashicha, bu kabi qaror respublikada epidemiologik vaziyat yaxshilanayotgani sabab qabul qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 20-apreldan buyon Chexiya hukumati pandemiya fonida mart oyining o‘rtalarida qabul qilingan qattiq cheklovlardan bosqichma-bosqich voz kechib kelmoqda.
Navbatdagi bosqichga ko‘ra, ko‘chalarda nafas olish organlarini himoyalashga qo‘yilgan talablarning bekor qilinishini nazarda tutadi. Shunga qaramay, yopiq jamoat joylarida — do‘konlar, shuningdek, jamoat transportlarida tibbiy niqoblarini taqish majburiyati noma’lum muddatga saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, 25-maydan boshlab mehmonxonalar, fitnes markazlar, saunalar, restoran va kafelar sanitariya talablariga rioya qilgan holda qayta ish boshlashi mumkin. Shuningdek, qariyalar uyi, nogironligi bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan klinikalarga tashrif buyurish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining maktabga qaytishiga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, 300 kishiga bo‘lgan jamoat tadbirlarini o‘tkazish ham mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 8955 kishida koronavirus qayd etilgan. Ulardan 6078 nafari tuzalgan, 315 nafari vafot etgan.
Avvalroq Chexiya Yevropada birinchilardan bo‘lib chegaralarini ochib, fuqarolarga chet elga chiqishga ruxsat bergan edi.