Daryo.uz | Rasmiy kanal

Chernogoriya koronavirusni yenggan Yevropadagi birinchi davlatga aylandi

Chernogoriyada koronavirusga chalingan barcha bemorlar to‘liq sog‘ayishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday qilib, Chernogoriya pandemiyani yenggan Yevropadagi birinchi davlatga aylandi. Bu haqda mamlakat prezidenti Milo Jukanovich o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/xw_1783986-680x386.jpg
Foto: “Vesti.ru”

Jukanovichning ta’kidlashicha, Podgoritsadagi Jamoat salomatligi instituti 20 kundan beri kasallikka chalinish bo‘yicha birorta yangi holatni qayd etmagan.

“Kasallar soni nol! Davlat organlari va butun jamiyat ushbu muammoni hal etish borasida yuqori darajadagi mas’uliyatni namoyish etdi, sog‘liqni saqlash tizimimiz esa to‘g‘ri tashkil etilgani, o‘z ishiga sodiq va loyiq ekanligini ko‘rsatdi”, — deydi prezident.

Uning qo‘shimcha qilishicha, endilikda mamlakat pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarga qarshi kurashni davom ettirishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Chernogoriyada koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk holat 17-mart kuni aniqlangandi. Butun mamlakat bo‘ylab 324 kishi koronavirusga chalingan va to‘qqiz kishi COVID-19 oqibatida vafot etgan.