Daryo.uz | Rasmiy kanal

Donald Tramp chorak yillik maoshini koronavirusga qarshi kurash yo‘liga xayriya qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2020-yilning birinchi choragi uchun olishi kerak bo‘lgan maoshini koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashga xayriya qildi. Bu haqda CBS telekanali muxbiri Mark Noller o‘zining Twitter’dagi sahifasiga yozib qoldirdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/EYpIAJ_XgAAju83-624x351.jpg
Kadr: CBS

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifing vaqtida Amerika prezidentining matbuot kotibi Keyli Makenani Tramp tomonidan imzolangan 100 ming dollarlik chekni ko‘rsatgan. Pullar COVID-19’ga qarshi dorilarni yaratish va koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga yo‘naltiriladi.

Keyinroq Tramp o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali yillik maoshining barchasini koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash yo‘lida xayriya qilish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 400-450 ming dollar bo‘ladi. Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatning Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat vazirligiga yordam berish — uning uchun sharaf.

Mart oyida Makenani Tramp 2019-yilning to‘rtinchi choragi uchun olgan maoshini xayriya sifatida budjetga qaytarganini ma’lum qilgandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1,6 million kishidan oshgan, virus qurbonlari soni esa qariyb 98 ming kishiga yaqinlashdi.

Eslatib o‘tamiz, 2015-yilgi prezidentlik saylovlarida Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lgan taqdirda maoshdan voz kechishga va’da bergandi.