Daryo.uz | Rasmiy kanal
Suriyalik muzqaymoq fabrikasi egasi baxtli bo‘lishning oddiy usuli haqida so‘zlab berdi
Suriyaning Aleppo shahridagi muzqaymoq fabrikasi egasi Sohib Abdulla baxt retseptini oshkor qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
U mahalliy telekanal efirida baxtli bo‘lish uchun odamlarga shirinliklardan tiyilmaslikni maslahat bergan.
“Muzqaymoqning hamma turi mazali. Men bir yeyishda bir kilogramm muzqaymoqni paqqos tushirishni yoqtiraman. Ha, to‘g‘ri, qomatim juda chiroyli emas, lekin men juda baxtli insonman. Mendan o‘rnak oling”, — deydi Abdulla.
Fabrika egasining o‘g‘li muzqaymoqni bog‘laridagi mevalardan tayyorlashlarini aytgan.
“Hozir gilos, qulupnay, shaftoli va limondan muzqaymoq qilamiz. Muzqaymoqning barcha masalliqlari tabiiy mahsulotlardan. Sutni ham o‘z fermamizdan olamiz”, — deydi u jurnalistlarga.
Suriyalik oilaning fabrikasi yaqin kunlargacha jangarilar tomonidan o‘qqa tutilgan hududlarga yaqin joyda joylashgan.
Hozirda odamlar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan muzqaymoq sotib olishga kelishi mumkin. Ishlab chiqarish fabrikasida 30 kishi ishlaydi, ularning orasida qochoqlar ham bor.