Daryo.uz | Rasmiy kanal
AQShda o‘tishi lozim bo‘lgan G7 sammiti koronavirus sabab iyun oyi oxiriga ko‘chiriladi
AQSh Vashingtonda bo‘lib o‘tishi rejashtirilayotgan “Katta yettilik” (G7) sammitini 10-iyundan oy oxiriga surishga qaror qildi. Bu haqda prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen ma’lum qilgan.
“G7 sammiti shaxsiy uchrashuv formatida o‘tsa, ya’ni davlat rahbarlari bevosita ishtirok etsa, albatta, bo‘lib o‘tadi va bu iyun oyida sodir bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Menimcha, AQSh kasallik cho‘qqisiga yaqin turibdi, bunday bo‘lmagan taqdirda xalqaro anjuman Vashingtonda o‘tadi”, — degan O’Brayen CBS telekanaliga bergan intervyusida.
Shuningdek, u sammitning 10-iyunda o‘tishi rejalashtirilgani, biroq keyinchalik muddat o‘zgarganini eslatgan.
Mavzuga doir: AQSh koronavirusga qarshi vaksinani yaratishga bir milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi
O’Brayenning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning videokonferensaloqa tarzida emas, balki bevosita uchrashib o‘tkazilishidan barcha G7’ning davlat rahbarlari manfaatdor.
“Biz barcha koronavirusga test topshirishi, vaziyatning xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilamiz va davlat rahbarlarining Vashingtonga kelib ketishi uchun munosib sharoitlar yaratamiz. Anjumanni iyun oyi oxirida o‘tkazish rejalashtirilgan, bunda yetakchilarning logistikasi, xavfsizlikni ta’minlash shartlari hamda tadbirni rejalashtirish masalalari o‘rganib chiqiladi”, — deya qo‘shimcha qilgan O’Brayen.
Avval AQSh prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” sammitini Vashington yaqinidagi Kemp-Devid rezidensiyasida o‘tkazmoqchi ekani va bu joyni koronavirus pandemiyasidan keyingi tiklanish ramzi, deya hisoblashi haqida gapirgandi.
Mavzuga doir: The New York Times AQShdagi COVID-19 qurbonlariga bag‘ishlab, gazetaning bosh sahifasida ularning ismini chop etdi