DARYO.UZ

Xiaomi koronavirus sababli Mi 10 va Mi 10 Pro smartfonlari taqdimotini jonli efirda o‘tkazdi

Xiaomi o‘zining Mi 10 va Mi 10 Pro flagmanlarini taqdim etdi, deb xabar bermoqda Meduza. Ularning har ikkisi 2340+1080 pikselli va diagonali 6,67 dyuym bo‘lgan displeylar bilan jihozlangan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/02/mi-10-pro.png
Foto: Xiaomi

Qurilmalar 5G tarmoqni qo‘llab-quvvatlaydi va yangi LPDDR5 formatidagi (8 yoki 12 gigabaytli) operativ xotiraga ega.

Bundan tashqari, smartfonlar 108 megapikselli asosiy modulli kameralar bilan jihozlangan. Mi 10 modeli, shuningdek, 13 megapikselli keng burchakli obyektiv va har biri ikki megapikselli ikkita qo‘shimcha sensorlarga ega.

Mi 10 Pro’da esa asosiy moduldan tashqari 20 megapikselli keng burchakli obyektiv va raqamli zum orqali 50 marta kattalashtirish imkoniga ega 12 va 8 megapikselli teleobyektiv ham bor.

Xiaomi Mi 10 modelining rasmiy savdosi 14-fevralda boshlandi, Mi 10 Pro savdosi esa 18-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Mi 10 3,999 yuandan (572,60 dollar), Mi 10 Pro esa 4999 yuandan (716 dollar)dan sotiladi.

HB- techno’ning yozishicha, Xiaomi Pekindagi yangi smartfonlar taqdimotiga hech qanday ommaviy axborot vositalarini taklif qilmadi, uni jonli efirda namoyish etishga qaror qildi. Chunki Xitoy hukumati koronavirus tarqalgani sababli ommaviy yig‘ilishlarga qarshi chiqdi.

Avvalroq internetda Mi 10 Pro mobil qurilmasining test natijalari tarqalgani haqida xabar berilgan edi.