DARYO.UZ

Koronavirus xavfi sabab beshta mamlakat tomonidan qabul qilinmagan kemaning yo‘lovchilari Kambodjada qirg‘oqqa chiqdi

Avvalroq Yaponiya, Filippin, Tayvan, Tailand va Guam hukumati qabul qilishdan bosh tortgan Westerdam kruiz kemasi yo‘lovchilari Kambodjadagi Sianukvil portiga chiqishni boshladi. Bu haqda Khmer Times gazetasiga tayanib “RBK” xabar bermoqda.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/02/layner.jpeg
Foto: Global Look Press

Kemadan yo‘lovchilarni chiqarishga laynerdagi barcha 20 kishidan olingan koronavirus tahlili ularda kasallik yo‘qligini ko‘rsatganidan keyin qaror qilingan.

Kambodjadagi Amerika elchixonasi yo‘lovchilar tushayotgani aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Khmer Times xabariga ko‘ra, laynerda 600 dan ortiq AQSh fuqarolari bo‘lgan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/02/kema.jpg
Foto: Twitter / AQShning Kambodjadagi elchixonasi

Westerdam layneri 1-fevral kuni Gonkong portidan yo‘lga chiqqan. Kema Tayvan va Yaponiyadagi bir qator portlarga borib, 15-fevral kuni Yaponiyaning Yokogama portida kruizni yakunlashi taxmin qilingandi.

Biroq, 7-fevral kuni Yaponiya koronavirus tarqalishidan qo‘rqib laynerga portga kirishga ruxsat bermagan. Keyinchalik layner Filippin, Tayvan, Tailand va Guam portlariga ham kiritilmagan.

Sianukvil provinsiyasi gubernatori bunga laynerdagi turistlarning ahvoli shifokorlar tomonidan tekshirganidan keyingina ruxsat berilishini ta’kidlagan.

Umumiy hisobda kema bortida jami 1,4 ming yo‘lovchi va 800 dan ortiq ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Avvalroq Yaponiyada karantinga olingan Diamond Princess kemasidan keksalar va bemorlar evakuatsiya qilingani xabar berilgan edi.